O‘zbekiston tumani yangi futbol klubining yangi mavsum oldidan tanishtiruv marosimi o‘tkazildi







O‘zbekiston tumani o‘zining salmoqli futbol tarixiga ega. Yaypanning turli davrlardagi “Mehnat” va “Olimjon Akbarov” futbol jamoalari o‘zining shonli tarixi, erishgan yutuqlari va salohiyati bilan minglab futbolsevar muxlislarni ko‘p yillar shod etgan. 2017 yilda tashkil etilgan “Turon” professional futbol jamoasining faoliyati esa tumanning futbol tarixi solnomasiga shubhasiz, zarhal harflar bilan yozildi. Joriy 2025 yildan Yaypanga yana katta futbol shukuhi qaytmoqda. Farg‘ona viloyati hokimligi, viloyat futbol assosiatsiyasi va tuman hokimligi tashabbusi bilan "Yaypan Farg‘ona" futbol klubi tashkil etildi. Bugun tuman markazidagi madaniyat uyida ana shu futbol klubining mavsumoldi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Ravshanbek Begmatov, tuman prokurori Obidjon Sobirov, tuman IIB boshlig‘i Sodirjon Abdullayev va tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Fozilovlar ishtirok etdi. Jamoa a’zolari, murabbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, futbol muxlislari, jamoatchilik va yoshlar vakillari jam bo‘lgan tadbirda tuman hokimi so‘z olib, tuman futbolida tom ma’nodagi yana bir tarixiy voqea bilan barchani samimiy muborakbod etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda boshqa sport turlari kabi millionlar o‘yini bo‘lgan futbolga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalgan tuman rahbari, jamoa oldidagi reja va maqsadlar, ularni ado etish yo‘lida hamkorlikdagi vazifalar xususida so‘z yuritdi. Bu tashabbus albatta xayrli va ko‘p sonli yurtdoshlarimizga manzur bo‘lishiga umid bildirib, jamoaga faqat ulkan zafar va omadlar tiladi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqan boshqa mutasaddi va jamoatchilik vakillari ham yangi jamoaga muvaffaqiyat, iste’dodli yoshlarga yutuqlar yor bo‘lishiga tilaklar bildirdilar. Shundan so‘ng, muxlislar olqishlari ostida jamoa a’zolari tanishtirilib, har bir futbolchiga rasmiy raqam tushirilgan futbolkalar topshirildi. Navbatida, jamoatchilikka Mirjalol Jo‘rayev boshchiligidagi murabbiylar shtabi ham rasman tanishtirildi. Qayd etish joiz, "Yaypan Farg‘ona" futbol klubi joriy mavsumdan Farg‘ona viloyati ikkinchi liga musobaqalarida ishtirok etadi. Uy uchrashuvlarini Yaypandagi “O‘zbekiston” o‘yingohida o‘tkazadi. Tadbirda namoyish qilinganidek, jamoa uy va safar o‘yinlarida ko‘k hamda sariq-ko‘k formalarda to‘p suradi. Klubning yangi yaratilgan logotipida tumanimizdagi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralari tutashgan hududda barpo etilgan Do‘stlik stelasi aks etgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Bitiruvchi qizlar va ularning onalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi



Qo‘qon qilichbozlari yana yuksak pog‘onalarni zabt etmoqdalar


Qo‘qon shahrida futzal bo‘yicha faxriylar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazildi