Tuman hokimi uch karra Osiyo chempionligiga erishgan sportchini uyiga borib qutladi






Kuni kecha Tailandning Pattaya shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 18 va 23 yoshli sportchilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, 17 ta oltin, 11 ta kumush va 6 ta bronza - jami 34 ta medal jamg‘arishdi hamda har ikki yo‘nalishda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi. Quvonarlisi, terma jamoamiz safida ishtirok etgan O‘zbekiston tumanilik Ziyodbek Yo‘ldashaliyev ham mazkur salmoqli natijaga o‘zining munosib hissasini qo‘shib, yana bir bor g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi va uch karra Osiyo chempioniga aylandi. Sho‘rqishloqlik yosh va mahoratli sportchimiz 500 metrga kanoeda eshkak eshishning K-4 (to‘rt kishilik) yo‘nalishida jamoadoshlari bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bugun tuman hokimi Ravshanbek Begmatov ushbu munosib g‘alaba bilan chempionni tabriklash uchun uning xonadoniga tashrif buyurdi. Bir guruh faollar, mahalla ahli vakillari, sportchining oila a’zolari, yaqinlari va ustoz-murabbiylari qatnashgan marosimda Ziyodbekning sportdagi yutuqlari e’tirof etildi. Ustozlari va ota-onasiga minnatdorlik bildirilib, o‘ziga kelgusi bahslarda ham ulkan g‘alaba va zafarlar yor bo‘lishi tilandi. Tuman hokimligining esdalik sovg‘alari o‘z egasiga topshirildi. Eslatib o‘tish joiz, Ziyodbek Yo‘ldashaliyev sportning ayni turi bo‘yicha 2023 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi, 2024 yilda esa Taillandda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlarida ham g‘oliblikka erishgan edi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Mahalla ahli sayyor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi

Tuman hokimi tadbirkor murojaatini joyiga borib o‘rgandi

“Dolzarb 90 kun” loyihasi – amalda