Tuman tarixi

Oʻzbekiston tumani
Oʻzbekiston tumani - Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda tugatilgan, 1963-yil 17-aprelda qayta tuzilgan. Shimoldan Qoʻqon shahri, Furqat tumani, janub va gʻarbdan Tojikiston Respublikasi, shimoliy gʻarbdan Beshariq, sharqdan Uchkoʻprik tumanlari, janubiy sharqda Rishton tumani va Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,674 ming кv.м. Aholisi 240,3 ming kishi (2025 y. 1 yanvar holatiga). Tumanda 73 mahalla bor. Markazi - Yaypan shahri.
Tabiati
Tuman hududi Markaziy Fargʻona choʻlining janubida, Soʻx daryosi va Katta Fargʻona kanali boʻyida joylashgan. Hududi asosan tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, gaz, soz tuproq, shagʻal bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi - 6.7°, eng past temperatura - 27°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 23.6°, eng yuqori temperatura 42°. Yiliga 180 mm yogʻin yogʻadi. Xoʻjaliklar va aholi yerlari Soʻx daryosi va Katta Fargʻona kanalidan sugʻoriladi. Tuproqlari qoʻngʻir boʻz tuproq va oʻtloqi tuproqlardan iborat, ayrim joylarda shoʻrtuproq uchraydi.
Oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, yantoq, miya, oq bosh, yulgʻun, qiyoq va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, quyon, yumronqoziq; parrandalardan kaklik, bedana, tustovuq, zogʻcha, qargʻa, toʻrgʻay, sassiqpopishak, qaldirgʻoch; sudraluvchilardan oʻq ilon, chipor ilon, kaltakesak; kemiruvchilardan kalamush va boshqa uchraydi.
Aholisi
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (95,2 %), shuningdek, qirgʻiz, tojik, rus va boshqa millat vakillaridan iborat. Jami aholi soni 240,3 ming kishini tashkil etadi (2025 y. 1 yanvar holatiga).
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!