O‘zbekiston tumanilik yoshlarning Qo‘qon universitetida tahsil olish imkoniyatlari oshadi







Bugun O‘zbekiston tumanidagi umumta’lim maktablari bitiruvchi yoshlari uchun Qo‘qon universitetida ochiq eshiklar kuni tadbiri tashkil etildi. Unda tuman hokimi Ravshanbek Begmatov, universitet rahbariyati, maktab direktorlari, professor-o‘qituvchilar va yoshlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar ta’lim muassasasi faoliyati, moddiy-texnik bazasi, talabalarning o‘qishi uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari hamda kampus hududidagi qulayliklar bilan tanishdilar. Kunduzgi, masofaviy, sirtqi, ikkinchi mutaxassislik va magistratura ta’lim yo‘nalishlariga ega bo‘lgan universitetda hozirda 12 mingga yaqin talabaga 250 nafarga yaqin pedagog ta’lim beradi. Qayd etilishicha, dunyoning 70 dan ortiq davlatlaridagi universtitetlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan zamonaviy ilm maskani talabalari AQSH, Ispaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan tashrif buyurgan professorlardan tahsil olishmoqda. Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan abituriyent va kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlariga davlat grandlari ham taqdim etiladi. Shuningdek, o‘qish davomida o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalar universitetning maxsus grant dasturlariga ega bo‘lishadi. Tadbir davomida mehmonlar uchun universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan turli mavzularda master klass taqdimotlari qilindi. E’tiborlisi, uchrashuv davomida O‘zbekiston tumani hokimligi va Qo‘qon universiteti o‘rtasida o‘zaro integratsion aloqalarni yo‘lga qo‘yish va innovatsion-korporativ hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur memorandum va erishilgan kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston tumanilik yoshlarni ayni universitetda tahsil olish imkoniyatlari kengayadi. Xususan, tumandagi har bir maktabdan 10 nafardan eng iqtidorli bitiruvchilar, jami 700 nafarga yaqin yigit-qizlar 2025/2026-o‘quv yilida universitetga imtiyozli kvotalar asosida qabul qilinishi qayd etildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

O‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi


O‘z farzandidan ta’minot olish huquqi va tartibi

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘