“Wunderkind English Test – 2025” loyihasiga minglab yoshlar qamrab olindi







Yoshlarni chet tillarini o‘rganishga keng jalb etish, ularning bilim va salohiyatini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston tumani hokimligi, tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda “Wunderkind" o‘quv markazi hamkorligida “Wunderkind English Test – 2025” loyihasi tashkil etildi. Loyiha doirasida tumandagi maktablarning 3–10-sinf o‘quvchilaridan iborat 7 mingdan ziyod ishtirokchilarning ingliz tili bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazilib, test olindi. Sinovlarda yuqori ball to‘plagan 800 nafar o‘quvchi 2-bosqichga saralandi va yakunda ulardan 24 nafari g‘olib deb topildi. O‘ziga xos bilimlar bahsining taqdirlash marosimi tantanali tashkil etilib, unda tuman hokimining o‘rinbosari Muslimbek Ahmedov, hamkor tashkilotlar va o‘quv markazi mutasaddilari, ustoz-murabbiylar, yoshlar va ularning yaqinlari ishtirok etdi. Mazkur tashabbusni ijobiy baholagan tuman hokimining o‘rinbosari, bu kabi loyihalar kelgusida ham muntazam o‘tkazib borilishini qayd etdi. Tadbir doirasida g‘olib ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alar, o‘quv markazida bepul va chegirmali ta’lim olish imkoniyatlari, pul mukofotlari hamda maxsus sertifikatlar taqdim etildi. Ma’lumot o‘rnida, tumanda 6 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Wunderkind" o‘quv markazi o‘zining 4 ta filialiga ega bo‘lib, unda 30 nafardan ziyod malakali mutaxassislar yoshlarga bilim saboqlarini berib kelishmoqda. O‘quv markazining tajribali ustozlari tomonidan IELTS (5.5–8.0) va CEFR (B2–C1) darajasidagi tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib boriladi. Har yili markazning 200 nafardan ortiq o‘quvchilari yuqori natijalarga erishmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!