Bayramlar bayramga ulanmoqda: O‘zbekiston tumanida o‘tkazilgan o‘rik sayli minglab farg‘onaliklarga bir olam quvonch baxsh etdi







O‘zbekiston tumanidagi O‘qchi qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan “O‘rik gullaganda” II yoshlar ijodiyot festivali umumxalq sayliga aylanib ketdi. Festival barcha ishtirokchilarga bir olam quvonch ulashdi. Qiyg‘os gullagan o‘rik daraxtlari ostida milliy o‘yinlar, o‘zbekona urf-odat va qadriyatlar namoyishi, ijodkorlar chiqishlari ko‘ngillarga ko‘klam tarovatini olib kirdi. Varraklar uchirish, yosh polvonlar o‘rtasidagi kurash musobaqalari, qo‘shiqchi va shoirlar, rassom va hunarmandlarning asarlari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi. Doshqozondagi sumalak, ko‘k somsalar esa sayilga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarni maftun etdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, tuman hokimi Ravshanbek Begmatov va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ziyavitdinovlar barchani ko‘klam shodiyonasi bilan qizg‘in muborakbod etib, bahor bayramlar fasli ekanligini ta’kidlashdi va shu kabi tabiat qo‘ynida o‘tkaziladigan sayillar ekologik tarbiya, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, ijodkorlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolishini bildirdilar. Bahor va ko‘klam, Navro‘z va go‘zallik haqidagi she’r-qo‘shiqlar jarang sochdi. Yahyobek Mo‘minov, Qilichbek Madaliyev, Valijon Qodirov, Gulasal Abdullayeva, Malika Egamberdiyeva kabi el ardog‘idagi san’atkorlarning diltortar qo‘shiqlari, usta askiyachilarning ichakuzdi payrovlari, folklor dastalarining alyoru laparlari dillarga zavq bag‘ishladi. Tadbir yakunida festivalning faol ishtirokchilari va uning doirasida o‘tkazilgan turli tanlovlar g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Tuman prokuraturasining nazorat tadbirlari


Sud majlislarida masofdan turib qatnashishining huquqiy asoslari yaratildi.
