Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Konstitutsiya: ta`lim va yoshlar
2025-01-24 10:50:10 536
Yangi ming yillikning boshi XXI asr oʻzbek xalqi uchun Oʻzbekistonni buyuk davlatga aylantirish va inson huquqlari mustahkam bo‘lgan farovon hayot qurish asri bo‘ldi. Davlat jamiyat hayotining barcha sohalarida tub yangilanish va bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirmoqda.
Mustaqil demokratik yo‘ldan odimlayotgan Ozbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimiz uchun ko‘zlangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Istiqlolga erishgach, mamlakatimiz taraqqiyotidagi barcha o‘zgarishlar, yangilanish va yutuqlar zamirida Konstitutsiya yotadi. Bugun Konstitutsiya to‘grisida, uning ma’no-mazmuni va mustahkam tamoyillari haqida so‘z yuritar ekanmiz, asosiy Qonunimizda birinchi navbatda shaxs manfaatining davlat manfaatlaridan ustun kelishi, inson, uning huquq va erkinliklar. eng oliy qadriyat sifatida muhrlangan.
Asosiy Qomusimizda belgilab qo‘yilgan me’yorlarning qanchalik hayotda o‘z ifodasini topayotganini o‘sib kelayotgan yosh avlodning Konstitutsiya va uning asosida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida huquqiy bilimga ega ekanligi, huquqiy ong va huquqiy madaniyatining yuksakligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi bosqichda ta’lim madaniyatni shakllantirish, shaxs kamoloti va demokratik qadriyatlarni mustahkamlashning eng muhim omilidir. Taʼlimga sarmoya kiritish samaradorligi Jahon banki hisobotida ham berilgan boʻlib, xalqaro ekspertlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, taʼlimga yoʻnaltirilgan 1 dollar sarmoya mamlakatga 3-6 dollar foyda keltirishi taʼkidlangan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ta’lim sohasini rivojlantirishda asosiy o‘rin tutadi, chunki aynan qonunchilik normalari nafaqat chegaralarni, balki butun ta’lim jarayoni quriladigan tamoyillarni ham quradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririda ta’lim masalalariga bag‘ishlangan alohida modda bor. 50-moddaga muvofiq, har bir shaxs bevosita ta’lim olish huquqiga ega, davlat uzluksiz ta’lim tizimining rivojlanishini ta’minlaydi, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi; davlat esa bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limini kafolatlaydi.
Konstitutsiyaga ta’lim olish huquqi to‘g‘risidagi moddaning kiritilishi fuqarolar uchun juda ko‘p imtiyozlar beradi:
Birinchidan, bu ta’limni insonning asosiy huquqi sifatida tushunishni kuchaytirishga yordam beradi.
Ikkinchidan, ushbu huquqning mustahkamlanishi uning yanada ishonchli va barqaror himoya qilinishini ta’minlaydi.
Uchinchidan, aniq me’yor va tamoyillarga asoslangan qulay ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiladi, bu esa mamlakat ta’limini rivojlantirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, bu barcha fuqarolar uchun ta’lim olishda ko‘proq teng imkoniyatlar yaratishga yordam beradi va natijada ijtimoiy tengsizliklarni kamaytiradi.
Alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishini yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Konstitutsiyada davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang‘ich professional ta’lim bepul ekanligi ham belgilangan. O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilib, bu yil sayin ortib bormoqda. O‘tgan yillar davomida salmoqli natijalarga erishilganini alohida ta’kidlash lozim. Maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 71,8 foizga, maktablar soni 9719 tadan 10522 tag yetdi. Oxirgi yillarda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun – 5 baravar ko‘paydi.
Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir.
Aholimizning 18 milliondan ortig‘i yoshlar ekanligi, ushbu ko‘rsatkich 2040 yilga borib, 25 millionga yetishini hisobga olib, Konstitutsiyaga yoshlar masalasiga alohida bob kiritilgani muhim ahamiyatga egadir.
Yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlar hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini ta’minlaydi.
Ta’limga sarmoya kiritish mamlakat kelajagiga sarmoya kiritish ekanligini hisobga olsak, oliy ta’limni rivojlantirish nafaqat yuqori malakali kadrlar tayyorlash, balki ijodiy fikrlash, izlanish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqishni rag‘batlantiradi. Bu omillar zamonaviy dunyo muammolariga muvaffaqiyatli moslasha oladigan barqaror jamiyatni shakllantirishga yordam beradi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizaga ta’limga alohida urg’u berilishi, ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sarmoya kelajakka, xalq farovonligi va intellektual yuksalishini ta’minlaydigan sarmoyadir. Yoshlarni innovatsion jamiyat qurishda mas’uliyatli va samarali rollarga tayyorlash uchun ta’limning yuqori standartlariga zudlik bilan intilish muhim ahamiyatga ega.
Azizjon Turdaliyev
Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudi sudyasi