Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Davlat boshqaruv tizimida “Manfaatlar to’qnashuvi” ni tartibga solish demokratik jamiyatlarda ustuvor vazifa hisoblanadi
2024-06-11 12:11:46 445
Yer yuzida har bir davlatning o‘z boshqaruv tizimlari mavjud bo‘lib, albatta bir biridan farq qiladi. Davlat boshqaruvi tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, qonunga muvofiq ishlashi ularning uzoq vaqt yashashiga olib keladi. Lekin davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuvining kelib chiqishi boshqaruv tizimida ko‘p muammolar yuzaga keltiradi. Davlat boshqaruvi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaruvchi bir qancha omillar turli xil ko’rinishlarda bo’lib, ularning asosiy ko‘rinishlari qarindoshchilik (quad-andachilik), nepotizm, guruhbozlik, kronizm, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, oshna-og‘aynigarchilik, rahnamochilik, lobbizm (idoraviy manfaatdorlik) va boshqalar kiradi. Bu kabi manfaatlar to‘qnashuvi turli xil ko’rinishlari davlat boshqaruv tizimiga juda katta zarar yetkazibgina qolmasdan, o’sha jamiyatni parchalab yubora olishi shubhasizdir. Ularni oldini olish yoki mavjud muammolarni bartaraf etish hozirgi fuqarolik jamiyatini qurish uchun juda ham muhim hisoblanadi.
So`ngi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O`zbekistonning korrupsiya va manfaatlar to`qnashuviga qarshi kurashishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Lekin qayd etish lozimki, manfaatlar to‘qnashuvi o‘zining tarixiy ildiziga ega ekanligi, mamlakatlar uzoq vaqtlardan beri unga qarshi kurashib kelayotgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham ta’siri davlat va jamiyat hayotiga juda kattaligi, shuningdek yildan-yilga zamonaviy ko‘rinishlari yuzaga kelayotganligi sababli unga qarshi kurashish strategiyasi ham rivojlantirib borishi lozim. Yana bir jihat, hozirgi investitsion va moliya bozor mexanizmlari keng tarqalayotgan sharoitda moddiy manfaat asosida manfaatlar to‘qnashuvining yangi elementlari ham kirib kelmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni doimo monitoring qilish va ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish bilan bir qatorda, ularni yangilab borish ham katta ahamiyat kasb etadi. Dunyo tajribasida manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish darajasiga erishishning muhim elementi sifatida jamoatchilik nazoratining kuchliligi va ularning bu boradagi ishonchi hisoblanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirishga olib keluvchi omillar haqida olimlarning bir qancha asarlarida, maqolalarida keltirilib o‘tilgan. Davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaruvchi omillarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bularga ijtimoiy va madaniy sharoit, institusional va tashkiliy tuzilmalar, axloqiy, siyosiy muhit, shuningdek, iqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar siyosati ko‘proq ta’sir qiladi.
Ayni kunlarda davlat hayotida muhim o’zgarishlardan biri sodir bo’ldi. Prezident «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutildi. Qonunda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha normalar ko‘rsatib o‘tilganini ko’rish mumkin. Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan xabar qilingan manfaatlar to‘qnashuvi hollarining o‘zigan xos xususiyatlari hisobga olingan holda, quyidagi choralarni: o‘ziga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish; davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish va boshqa manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashish bo‘yicha normalar keltirib o‘tilgan. Davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyasini ham joriy etilish ayni bir muddao bo’ldi.
Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilgan. Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:
- davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
- ular qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Qonun loyihasida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha normalar ko‘rsatib o‘tilgan. Qayd etib o‘tish kerakki, davlat boshqaruvida barcha sohalarni maʼmuriy-huquqiy usul, kuch va vositalar bilan samarali tartibga solish imkonsiz. Shu sababli, axloq kategoriyasi ham samarali mexanizm hisoblanadi. Davlat muassasalarida korrupsiyaning eng past darajasi bo‘lgan davlatlar reytingida yetakchi mavqega ega bo‘lgan bir qator xorijiy davlatlar tajribasi, jahon amaliyotida ham axloqiy yutuqlar asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
A.Sh. Bekmurodovning “Korrupsiyaga qarshi kurashish” darsligida davlat boshqaruvida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining vujudga kelishiga bir qancha omillar sabab qilib keltirilgan va asoslab bergan. Manfaatlar to‘qnashuvi turli shakllarda va holatlar natijasida yuzaga keladi. Ularga misol sifatida esa, quyidagilar ko‘rsatiladi:
mansabdor shaxslar, davlat xizmati xodimlari, deputatlarning tijorat faoliyatida shaxsiy yoki korporativ naf ko‘rish uchun bevosita ishtirok etishi;
davlat pul mablag‘larini o‘zlashtirish niyatida tijorat tuzilmalariga o‘tkazish uchun o‘z xizmat mavqeidan foydalanishi;
o‘z korporativ guruhiga davlat resurslari hisobidan imtiyozlar berish;
shaxsiy yoki korporativ naf ko‘rish maqsadida, ommaviy axborot vositalariga tazyiq o‘tkazish uchun o‘z xizmat mavqeidan foydalanish.
bundan tashqari, davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltiruvchi bundan boshqa yana ko‘plab omillar mavjud bo‘lib, eng muhimi ularni hal etish, ularning yuzaga kelmasligiga olib kelish hisoblanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va ularga qarshi kurashish mavjud qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Ayrim xorijiy davlatlarda manfaatlar to‘qnashuvini sodir etganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Fikrimizcha, davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish emas, odob-axloq meyorlari o‘rgatish va ularga amal qilishini taminlay olishimiz kerak. Finlandiya tajribasida huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga eng avvalo jamiyatning o‘zi jazo beradi.
Muxtasar qilib aytganda, zamonaviy jamiyatda manfaatlar to’qnashuvining yuzaga kelishi aholi ongida davlat boshqaruviga nisbatan ishonchsizlik munosabatlarini yuzaga keltirayotganligi sababli manfaatlar to’qnashuviga qarshi kurashishning yangi usullarini izlash alohida ahamiyatga ega va dolzarb masala boʼlib qolmoqda. Milliy qonunchiligimizdagi bunday o’zgarishlar davlat boshqaruvida manfaatlar to’qnashuvinining oldimi olishga va uni bartaraf etishga yordam beradi. Hozirda mamlakatda korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning yuqorida keltirib o`tilgan tashkiliy mexanizmlarining joriy etilganligi davlat xizmatining shaffof va qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Xorijiy davlatlar AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Singapur, Koreya Respublikasining davlat boshqaruvi tizimda faoliyat ko’rsatayotgan mansabdor shaxslar, davlat xizmatchilari va boshqalarning ehtimoliy deklaratsiya qilishdagi tajribasini o’rgangan holda, mamlakatimizda deklaratsiya maʼlumotlarni oshkoraligini taʼminlanishi, elektronlashtirilishi tizimi mavjud muammolarni ijobiy hal bo’lishida asosiy ro’l tutadi.
Foziljon Xatamkulov
FIB O‘zbekiston tumanlararo sudining sudyasi