Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Sud - huquq tizimidagi o‘zgarishlar- adolatni taminlashdagi asosiy ustundir
2023-05-30 15:10:59 478
So‘nggi yillarda keng qamrovli demokratik islohotlar natijasida jadal rivojlanayotgan yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘si va nufuzi yuksalib bormoqda. Har bir sohada adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini yuksaltirish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud tizimida odillik va shaffoflik mezonlarini yanada mustahkamlash - amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlardan sanaladi. Shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan har bir islohotning jamiyatda samarali olib borilishiga qaratilgan faoliyatni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohaza yuritilgan. Bu yo‘nalishning dolzarbligi XXI asr boshlarida mamlakat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalarida yuz bergan o‘zgarishlar, davlat va huquqning mohiyatiga oid yangicha qarashlarning paydo bo‘lishi bilan belgilanadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir”. Mustaqillik yillarida yurtimizda sud tizimini liberallashtirish va insonparvarlashtirishga qaratilgan tub islohotlar, o‘lim jazosini bekor qilish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, “xabeas korpus” institutini joriy qilish, advokatura ro‘lini oshirish sohalarida muhim qadamlar qo‘yildi.
So‘nggi yillarda sudlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi. Sud va sudyalar faoliyatining turli sohalarida yechimini kutayotgan bir qator muammolar bo‘lib, bu muammolar soha ekspertlari tomonidan o‘rganildi va ularni hal etish bo‘yicha muayyan amaliy takliflar ishlab chiqildi. Inson huquq va erkinliklarini ustivor ekanligini tasdiqlovchi yana bir norma qo‘shimcha tergovning bekor qilinishi bo‘lib hisoblanadi. Bu qoida konstitutsiyaviy norma - aybsizlik prezumpsiyasining mantiqiy rivojlanishi bo‘lib, tortishuv va taraflar tengligi, haqiqatni anglash prinsiplari real ta’minlanishiga kafolat beradi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklari institutining ishonchli kafolat etuvchi munosabatlardan yana biri bu albatta mediatsiya -yarashtirish institutini takomillashtirishdir. Jismoniy va yuridik shaxslarga o‘zaro nizolarni suddan tashqarida, muqobil hal etish imkonining berilishi, avvalambor, fuqarolarga nizolarni qisqa muddatlarda yechilishini, shuningdek, ortiqcha mablag‘larning sarflanishiga chek qo‘yilishini, turli ovoragarchiliklarni oldini olinishi kabi imkoniyatlarni beradi. Bu vaziyatdan kutiladigan natija esa, taraflar orasidagi o‘zaro hurmat va ishbilarmonlik munosabatlarini saqlanib qolinishi bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar sudyalarimizni qonun ustuvorligini taʼminlashda tinmasdan izlanishiga, tajribalarini boyitib borishiga, kasbining sharaflash yoʻlida hech qachon charchamasliklari, sudya degan ulugʻ nomga dogʻ tushirmaslik uchun oʻz xalqiga, davlati tomonidan qabul qilingan Konstitutsiya va qonunlarga sadoqatli boʻlish ham qarz, ham farzdir.
Sud tomonidan koʻriladigan va yakuniy hal qiluv qarorini chiqarish uchun asos boʻladigan qonun hujjatlarini oʻzgarishi, ya’ni u xoh texnik oʻzgarish boʻlsin, xoh normaning oʻzgarishi boʻlsin bu faktorlar ham sud tomonidan ishni koʻrishga va sud hujjatlarni chiqarishda muhim roʻl oʻynaydi. Misol qilib soʻnggi oʻzgarishlarni koʻrib tahlil qilib oʻtamiz. Bu orqali sud tomonidan koʻriladigan ishlarga oid qonun hujjatlarning oʻzgarishining sudga ta’siri va oldingi tahriri bilan farqini koʻrishimiz mumkin. Misol sifatida 2023-yil 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining 829-sonli qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunda Ma`muriy javobgarlik toʻg‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi haqida bayon qilinadi. Kodeksning 411-modda, 474-modda, 475-modda, 477-moddalarining sanksiya qismiga bir qator oʻzgartirish kiritilganini ko‘rish mumkin. Ushbu moddalardagi o‘zgarishlar quyodagilardir: «oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi».
Bu boʻlayotgan oʻzgarish yaqqol sud tizimiga berilgan ishonch deyishimiz mumkin. Sud tizimida deskiritsion vakolatning koʻpayishi, jazoning miqdorini belgilash bo‘yicha vakolatning berilishi sudning adolatli sud hujjatlarini chiqarishida asosiy roʻl oʻynaydi. Har bir fuqaro, javobgar, sudlanuvchining holati, motiv va maqsadi va boshqa faktorlarni hisobga olgan holda, bir turdagi qilmishning obyekti, obyektiv tomonlari bir xil boʻlsa ham javobgarning holati, jazoning o‘tashga boʻlgan sharoit va vaziyatiga qarab, sud tomonidan sanksiya qismini qoʻllash turli xil qoʻllashi mumkin. Qonundagi bu kabi oʻzgarishlar sud tizimiga berilayotgan ishonchdir.
Xulosa qilib aytganda hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi puxta o‘ylangan, aniq madsadli va strategik islohotlar natijasida jahon maydonida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘layotgan davlatlar qatoridadir. Ishonamizki, Yangi O‘zbekiston jahon maydonida har qachon ham har tomonlama kuch-qudratli, salohiyatli va tinch – farovon mamlakatga aylanadi. Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu jarayonlar Prezidentimizning tashabbusi bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir.
Foziljon Xatamkulov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining sudyasi