Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Yangilanayotgan konstitutsiya – yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi
2023-04-26 09:46:37 165
So‘nggi yillardagi yurtimizda olib borilayotgan tub islohatlar natijasi o‘laroq inson qadri, uning buguni va ertasi, hayoti, xalqimizning hayoti va yashash tarzini, turmush darajasini oshirishga qaratilmoqda desak mubolag’a bo‘lmaydi. Buning isboti o‘laroq so‘nggi 3 yil ichidagi yil nomlarida “INSON” bosh g’oya ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Inson bosh g’oya bo‘lar ekan uning – xalqning fikri, qarashlari, buguni va ertasi uchun bo‘lgan munosabati, uning davlatni boshqarishdagi fikri albatta muhim o‘rin tutadi.
Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – asosiy qonunida mustahkamlab oladi.
Davlatning demokratikligi saylovlar va referendumlar orqali ro‘yobga chiqadi desak xato qilmagan bo‘lamiz, albatta. Buning isboti o‘laroq hozirgi kunda mamlakatimiz juda muhim bir siyosiy voqea davrida turganini bilamiz, bu ham bo‘lsa yangilanayotgan konstitutsiyamizning xalq muhokamasi, referendumga qo‘yilishidir. Dastlab biz ko‘p takidlayotgan referendum o‘zi qanday jarayon va uning yurtimizdagi tarixiga to‘xtalsak.
REFERENDUM (lot. referendum — bildirilishi kerak boʻlgan) — umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shakli hisoblanib, bevosita demokratiyaning muhim vositasidir. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, referendum oʻtkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakatning xalqaro maqomiga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biron bir savol qoʻyilishi mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrsida»gi qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Referendumi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarini qabul qilish maqsadlarda jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi va faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Referendum Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida oʻtkaziladi.
Referendum yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi tarixida 1-marta 1991-yil 29-dekabrda referendum o‘tkazilgan. Bu referendumda «Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 31-avgustdagi Konstitutsiyaviy qonuni toʻgʻri qabul qilinganligini Oʻzbekiston xalqi bir ovozdan maʼqullagan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, hozirda mamlakatimizda yangilanayotgan konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun juda ham muhim tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Referendumda kimlar ishtirok etishi, qay tartibda o‘tkazilishi ham, albatta, muhim masalalardan biridir.
Referendum oʻtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga toʻla haqli. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar. Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashgʻulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etilgan.
Referendumda ovoz berish tartibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkazilib, ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchastka komissiyasi referendum oʻtkaziladigan kunga kamida oʻn kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi. Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Ovoz berish byulletenini toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda toʻldirish imkoniga ega boʻlmagan fuqaro oʻz xohishiga koʻra, referendum oʻtkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqli.
Ushbu referendumlar mamlakatimizda demokratiya yanada rivojlanib va ayni damda mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi. Yurtimizning har bir fuqarosiga xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy hujjat loyihasiga befarq bo‘lmay o‘z hissasini qo‘shayotganligi uchun chuqur minnatdorchilik bildirib qolamiz.
Javohir Rustamov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining devonxona mudiri