Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Vorislik huquqida vasiyatnoma rasmiylashtirishning afzaliklari
2023-03-23 08:53:22 168
Har bir shaxs mulkdor bo‘lish huquqiga ega. Mulkdor esa o‘zining mulkka nisbatan barcha huquqlaridan hayotlik chog‘ida bevosita foydalanadi. Shuningdek, o‘zi hayotlik chog‘ida o‘z mulkining vafotidan keyingi taqdirini vasiyatnoma qoldirish orqali oldindan belgilaydi.
Vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi.
Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini to‘laligicha bekor qilishga yoxud uni o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.
Vasiyatnoma notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Quyidagilar notarial tasdiqlangan vasiyatnomaga tenglashtiriladi:
1. Shuningdek, fuqaro yashab turgan internat uylari, pansionat, davolanib yotgan tibbiyo muassasalar bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, internat uyi direktori yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
2. fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
3. qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
4. harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
5. Ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
6. Notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.
Yuqorida sanab o‘tilgan tartibda tasdiqlangan vasiyatnomalardan boshqa vasiyatnoma, jumladan vasiyat qoldiruvchi tomonidan yozilib, guvohlar, qo‘shi-qo‘shnilar imzosi bilan tasdiqlangan vasiyatnomalar yuridik kuchga ega emas.
Vasiyatnoma qoldirilmagan hollarda ayni bir mulkni merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlash bilan bog‘liq nizolar kelib chiqishi tabiiy.
Meros bilan bog‘liq nizolar, asosan, qon-qarindosh bo‘lgan ota (ona) va farzandlar,aka-uka,opa-singil vorislar o‘rtasida yuzaga keladi. Meros mulkini taqsimlashda vorislar o‘zaro kelishganlari eng maqbul yechim hisoblanadi. Nizolashish esa o‘zaro qarnidoshlik rishtalariga putr yetishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bunday vaziyatlarni oldini olish maqsadida mulkdorning o‘z mol-mulkini taqdirini vasiyatnoma qoldirish orqali belgilashi, kelgusida vorislar o‘rtasida nizolar kelib chiqishini oldini olishning maqbul yechimi bo‘lib hisoblanishi mumkin.
Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.
Meros qoldiruvchi vafotidan so‘ng bir nechta vasiyatnoma mavjudligi aniqlansa, ulardan eng oxirgi tuzilgani amal qiladi.
Elyorjon Ismoilov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining raisi