Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YOSHLAR TASHABBUSI: BESHARIQDA TUT PLANTATSIYASI YARATILMOQDA
2020-01-13 09:39:49 223
Yaqinda viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev Beshariq tumani yoshlari bilan yuzma-yuz muloqot o’tkazib, ularning o’nlab tashabbuslarini qo’llab-quvvatlagan edi.
Uchrashuvda beshariqlik yigit-qizlar tumanning qo’shni Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan adirliklarda yangi tut plantatsiyasi yaratish tashabbusini ham ilgari surishdi. Viloyat rahbari mamnuniyat bilan ma'qullagan tashabbus ijrosi o’zini uzoq kuttirmadi va o’tgan qisqa vaqt ichida tuman yoshlari g’ayrat-shijoat bilan ishga kirishdilar.
O’zbekiston yoshlar ittifoqi Beshariq tuman bo’limi rahbari Barkamol Abdusaidovning qayd etishicha, barkamol avlod vakillari Fayzli Adirobod massivida 2,5 ming gektar yerda tut plantatsiyasi barpo etishni rejalashtirishmoqda. Ayni paytda bal boniteti past, shamol erroziyasiga uchragan 72 gektar qurigan mevali bog’, 705 gektar yaylovlar hamda 1073 gektar tuman zaxirasiga olingan bo’sh maydonlarda ishga kirishildi.
Bu borada Beshariq tuman hokimligida ishchi guruhi tuzilib, kerakli texnika vositalari va mutaxassislar jalb etildi. Yangi tut plantatsiyasi tashkil etish uchun 13 milliard so’m mablag’ zarur bo’lishi hisob-kitob qilindi va ushbu mablag’ manbasi shakllantirildi. Shuningdek, suv ta'minotini yo’lga qo’yish maqsadida 23 ta suv quduqlariga buyurtma berilib, buning uchun 5 milliard 60 million so’m mablag’ yo’naltirilmoqda.
- Viloyat hokimi tashabbusimizni ro’yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga bosh-qosh bo’layotgani kuchimizga kuch qo’shmoqda,-deydi tumanning faol yoshlari Murodjon Obloqulov va Nozimjon Tursunov. – Hozirgi kunda yuzlab tengdoshlarimiz yelkama-elka turib, yer tekislash, texnika bilan haydash va tut nihollarini ekishga tayyorlash ishlariga kirishdilar.
“Beshariq ipagi” pillachilik klasteri rahbari Maqsudjon Qosimovning ma'lum qilishicha, dastlabki kunlarning o’zida 200 gektar yerga yetadigan 700 ming tup tut ko’chatlari ekishga tayyorlab qo’yildi. Shu kunlarda viloyatimizdagi ko’chatchilik sohasiga ixtisoslashgan xo’jalik sub'ektlari bilan tut ko’chatlari sotib olish borasida hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda klaster korxonasi mutaxassislari pillachilik tarmog’ida yangi ish o’rinlari yaratish bilan birga ishlab chiqarish faoliyatini yo’lga qo’yish orqali gilamchilik, adras va atlas to’qish faoliyatini ham rivojlantirish bo’yicha istiqbolli biznes-reja tayyorlamoqdalar.
Ishonamizki, Beshariq tumani yoshlari tashabbusi bilan boshlangan ezgu sa'y-harakat yaqin yillarda o’z samarasini berib, mazkur adirlar bog’u bo’stonga aylanadi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati