Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Iyul 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 256 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: sud-huquq tizimidagi islohotlar

×

 2023-10-27 16:33:29    749

PDF yuklash
Chop etish


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bejiz emas. Zero, davlat va jamiyatni tubdan modernizatsiya qilishda, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda barcha sohalar qatori sud-huquq yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ma’lumki, mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqi hisoblanadi. Bu huquq Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Faqat mustaqil sudgina har bir fuqaroning ishini sudda xolis va oshkora ko‘rish orqali toptalgan haq-huquqlarni himoya qilishi mumkinligiga ishonch uyg‘ota oladi. Bu jihatdan Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlar qo‘yildi. Bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasida strategik ahamiyatga ega muhim qadam tashlandi. Jumladan, sudlar mustaqilligini ta’minlash maqsadida, Sudyalar oliy kengashi tashkil qilindi. Shuningdek, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, Oliy sud faoliyati takomillashtirildi. Hududlardagi xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar sifatida qayta tashkil etildi, 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqish vakolati berildi. Sudya lavozimida faoliyat yuritishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddati va muddatsiz davri belgilandi. Sudlarning o‘z moliyaviy, moddiy-texnik masalalarini mustaqil hal qilish boradagi vakolatlari adliya organlaridan olinib, Oliy sudga o‘tkazildi. Sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Shaxsning jinoyat sodir etishdagi aybdorligi faqat sud muhokamasida o‘z isbotini topgan dalillarga asoslanishi kerakligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlari qat’iyan taqiqlandi. Sudda ishlarni ko‘rib chiqishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi. Sudlar faoliyatining shaffofligi, ochiqligi yo‘lida 10 mingdan ortiq jinoyat ishi sayyor sud muhokamalarida ko‘rib chiqildi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash va dastlabki tergovning eng yuqori muddatlari kamaytirildi. Sud-huquq tizimidagi islohotlar faqat yuqoridagi omillarga bog‘liq emas. Bu borada hal etilishi muhim bo‘lgan yana bir masala borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu huquqshunos kadrlar tayyorlashdir. To‘g‘risini tan olib aytganda, bu jabhada ham yechimini kutayotgan muammolar bor albatta. Birinchidan, mazkur sohada o‘qish, bilim olishda faqat iqtidorning o‘zi yetarli emas. Bo‘lg‘usi huquqshunosda avvalo vatanparvarlik, adolat, vijdon, insof bo‘lishi zarur. Mazkur fazilatlar unga ta’lim dargohlarida singdirilishiga alohida ahamiyat qaratilishi lozim. Halollik vaksinasi eng avvalo huquqshunoslar uchun zarur, deb hisoblayman. Ikkinchidan, Prezidentimiz bundan to‘rt yil oldin islohotlarni aynan huquq-tartibot idoralaridan boshlaganida ham juda chuqur ma’no bor. Chunki sohadagi vaziyat odamlarni sabr kosasini to‘ldirgan edi. Bu o‘z ichiga huquqshunoslik yo‘nalishiga o‘qishga kirishdan tortib, ishga joylashishgacha, ish faoliyati davomida oddiy insonlarga munosabatgacha, hamma uchun yopiqligigacha qolmoqda edi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur edi. Uchinchidan, zamonaviy bilimlarga ega sifatli kadrlar tayyorlash, qabul jarayonlarida shaffoflik va xolislikka erishish juda kerak va muhim edi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi investorlar nizoni hal qilish uchun Oliy sudga murojaat qilishi belgilab qo‘yildi. Chunki ilgari bu masalada ham ko‘p muammolar bor edi. O‘zbekistonga investor kelsayu uning huquqlarini himoya qilishga mas’ul idora yo‘q edi. Hayot yangilanmoqda, jamiyatda ong va tafakkur yuksalmoqda. Talab va istaklar ortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, internet tobora taraqqiy etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi odamlar kechagi odamlar emas. Ular o‘z haq-huquqlarini chuqur biladi. Demak, barcha tizimlar ham shundan kelib chiqib o‘z ish uslubini o‘zgartirishi kerak.

Xulosa oʻrnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur ezgu maqsadni roʻyobga chiqarishda esa, sudyalar zimmasiga oʻta muhim vazifa – odil sudlovni Konstitutsiya va qonunlardan hamda adolat tamoyilidan ogʻishmay amalga oshirish yuklatiladi. Bir soʻz bilan aytganda, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, sudlarning mustaqilligini, masʼuliyatini kuchaytirish, har tomonlama yetuk, halol, kasbiga sadoqatli sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan bu yangi oʻzgarishlar inson manfaatlarini himoya qilishga, aholining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga hamda huquqiy davlat barpo qilish hamda rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek oliy maqsadga erishishiga xizmat qiladi.

Foziljon Xatamkulov

Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudi sudyasi