Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Yaqin kunlarda UzAuto Motors hamda boshqa yirik davlat tashkilotlarining aktsiyalari fond birja orqali hammaga ochiq savdoda sotiladi
2022-09-13 15:14:28 158
Oxirgi vaqtlarda fuqarolarimiz orasida “UzAuto Motors hamda boshqa yirik davlat tashkilotlarining aktsiyalari shu yaqin kunlarda fond birja orqali hammaga ochiq savdoda sotilar ekan” degan turli mish-mishlar tarqaldi.
Ushbu mish-mishlar qanchalik toʻg’ri yoki notoʻg’riligiga quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan aniqlik kiritamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻg’risida» 2022 yil 8 apreldagi PF-101-son va «Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻg’risida» 2021 yil 13 apreldagi PF-6207-son Farmonlari hamda «Kapital bozorini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻg’risida» 2022 yil 17 yanvardagi PQ-90-son qaroriga muvofiq aktsiyalari birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy joylashtiriladigan korxonalar belgilangan boʻlib, ushbu farmon va qarorlarning ijrosi yuzasidan yaqinda ya’ni 15 avgust 2022 yilda “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar aktsiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish toʻg’risida” gi Vazirlar Mahkamasining 446-sonli qarori qabul qilingan.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bilan yoʻl xarita tasdiqlangan boʻlib, yoʻl xaritada jami 21 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonalar aktsiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirilishi koʻzda tutilgan. Ular orasida UzAuto Motors ham bor boʻlib hammasini sanab oʻtadigan boʻlsak quyidagicha:
1.«Oʻzmetkombinat» АJ
2.«Qurilishmashlizing» АJ
3.«Uzbekistan Airways» АJ
4.«Oʻzbekinvest» АJ
5.«Oʻztransgaz» АJ
6.АT Xalq banki
7.«Oʻzagrosug’urta» АJ
8.«Qishloq qurilish bank» АTB
9.«Аgrobank» АTB
10.«Oʻzmilliybank» АJ
11. «Oʻzbekneftgaz» АJ
12.«Mikrokreditbank» АTB
13. «UzAuto Motors» АJ
14.«Oʻzavtosanoat» АJ
15.АT «Аloqabank»
16.«Oʻztemiryoʻlkonteyner» АJ
17.«Oʻzbekiston pochtasi» АJ
18.«Oʻzbekgeofizika» АJ
19.«Universal Sug’urta» АJ
20.«Alskom» АJ
21.«Dori-Darmon» АJ
Fuqarolarimizni qiziqtirayotgan «UzAuto Motors» АJ ni aktsiyalarini sotuvga chiqarishni muddati qachongacha belgilangani va bu boʻyicha ishlar olib borilayotgani yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Yoʻl xaritani 19-tartib raqamida «UzAuto Motors» АJ ni aktsiyalarini sotuvga chiqarish bilan bog’liq amalga oshiriladigan ishlar aniq belgilab berilgan boʻlib, dastlabki IPO ga tayyorgarlik koʻrish bilan bog’liq mexanizmlar ya’ni «IPO» uchun konsultantlarni, texnik shartlarni tayyorlash, tijorat va xizmat haqi boʻyicha shartlarni kelishish uchun brokerlar va boshqa konsultantlarni aniqlash va jalb qilish, Аktsiyalarni «Toshkent» respublika fond birjasining birja kotirovkalari roʻyxatiga kiritish kabi ishlar uchun muddat 2022 yil sentyabr oyi belgilangan boʻlib, hozirda АJ tomonidan anderrayter sifatida jalb etilgan “FREEDOM BROKER” tomonidan bu ishlar bajarildi va «Toshkent» respublika fond birjasiga listing boʻlib kiritildi. Buni internetdagi birjani sayti orqali ham bemalol koʻrish mumkin.
Biroq, yoʻl xaritadagi aktsiyalar uchun dastlabki narx chegaralarini aniqlash, aktsiyalarni qoʻshimcha chiqarilishini amalga oshirish, obuna kompaniyasi, «IPO» natijalarini sarhisob qilish va kabi tadbirlar uchun muddat Аnderrayterlar va konsultantlar tavsiyasiga koʻra 2022 yil IV chorak — 2023 yil I chorakda kutilishi belgilangan boʻlib, shunday ekan 2022 yil IV chorak boshlanishiga oz kunlar qolganligi sababli ushbu chorakda ham savdolar boshlanishi mumkin.
Fuqarolarimizni eng koʻp qiziqtiradigan narsa aytaylik «UzAuto Motors» АJ yoki «Oʻzbekneftgaz» АJ larni aktsiyalarini oddiy fuqarolarimiz ham olishi mumkinmi? Yoki kimni puli koʻp boʻlsa ya’ni faqatgina ayrim investorlargina oʻz oralarida boʻlishib sotib olib qoʻyishi ham mumkinku? degan gumonlarga borishning hojati yoʻq. Chunki, davlatimiz tomonidan bunday yirik davlat ishtirokidagi korxonalar aktsiyalarini fond birjasida birlamchi ommaviy joylashtirilishini oʻzi ham aynan shu kabi faqatgina oz sonli ayrim yirik investorlar tomonidan chiqarilgan aktsiyalarni hammasini sotib olishni cheklaydi. Ya’ni bunda aktsiyalarni sotib olishni maksimal soni chegaralangan boʻladi, aytaylik maksimal 1000 dona aktsiya belgilansa sotib oluvchi koʻpi bilan 1000 tagina (ozi bilan 1000 tadan kam-oʻzi hohlaganicha) aktsiya sotib ololadi xolos, bu esa oʻz navbatida mablag’i koʻp katta investorlarni hamma aktsiyalarni olib qoʻyishni cheklab, har qanday oddiy fuqarolarimizga bemalol yurtimizdagi brokerlar orqali aktsiyalarni elektron tartibda (cheklangan miqdorda) sotib olish imkoniyatini beradi.
Masalan «UzAuto Motors» АJ ni aktsiyalarini sotib olmoqchi boʻlgan fuqaro faqatgina “FREEDOM BROKER” orqali emas balki Toshkent fond birjasidan roʻyxatdan oʻtgan brokerlik faoliyatini amalga oshirishga tegishli hujjatlari boʻlgan respublikamizdagi hohlagan broker orqali hisob raqam ochib, hisob raqamiga pul qoʻyib hohlasa broker yordamida hohlasa oʻzi oddiygina internet tarmog’iga ulangan noutbuk yoki telefon apparatidagi “FONDBOZORI.UZ” ilovasi orqali elektron tartibda Toshkent fond birjasiga qoʻyilgan hohlagan aktsiyalarini sotib olishi mumkin.
Nasimbek Payg’amov
Oʻzbekiston tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi