Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Mart 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 77 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI ELEKTRON HUKUMAT TO’G’RISIDA

 2017-09-30 11:42:19    288

PDF yuklash
Chop etish


Qonunchilik palatasi tomonidan 2015 yil 18 noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015 yil 3 dekabrda ma’qullangan

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2015 y., 49-son, 611-modda)

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi elektron hukumat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlari

Elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi: 

elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo’llash yo’li bilan davlat xizmatlari ko’rsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi;

davlat xizmati — ariza beruvchilarning so’rovlariga ko’ra amalga oshiriladigan, davlat organlarining vazifalarini bajarish bo’yicha ular tomonidan ko’rsatiladigan xizmat. Agar qonun hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlari ko’rsatish funktsiyalari boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan bo’lsa, ular ham davlat xizmatini ko’rsatishlari mumkin;

so’rov — ariza beruvchining davlat xizmati ko’rsatilishi to’g’risida davlat organlariga yuboriladigan talabi;

ariza beruvchi — davlat organiga so’rov bilan murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

idoralararo elektron hamkorlik qilish — davlat organlari o’rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma’lumotlar almashish;

elektron hukumatning yagona identifikatorlari — har bir jismoniy va yuridik shaxsga, kadastr va ko’chmas mulk ob’ektlariga, geografik va boshqa ob’ektlarga beriladigan, ularni elektron hukumatda identifikatsiyalash imkonini beruvchi noyob kodlar;

elektron davlat xizmatining reglamenti — elektron davlat xizmati ko’rsatishga doir tartibni va talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat; 

elektron davlat xizmati — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo’llanilgan holda ko’rsatiladigan davlat xizmati.

4-modda. Elektron hukumatning asosiy vazifalari

Elektron hukumatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo’shimcha mexanizmlarini yaratish;

ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan o’zaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish bo’yicha imkoniyatlar yaratish;

o’z zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlarining ma’lumotlar bazalarini, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini va Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrini shakllantirish;

aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o’zaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining o’zaro hamkorligi va ularning ma’lumotlar bazalari o’rtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida «bir darcha» printsipini joriy etish;

tadbirkorlik sub’ektlarini elektron hujjat aylanishidan foydalanishga, shu jumladan statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish jarayonlarida, shuningdek davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga o’tkazish;

tadbirkorlik sub’ektlarining elektron tijorat, Internet jahon axborot tarmog’i orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishini, shuningdek kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq to’lashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish;

naqd bo’lmagan elektron to’lovlar, davlat xaridlarini amalga oshirish, masofadan foydalanish tizimlarini va bank-moliya sohasidagi faoliyatning boshqa elektron shakllarini rivojlantirish.

5-modda. Elektron hukumatning asosiy printsiplari

Elektron hukumatning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi;

elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi;

«bir darcha» printsipi bo’yicha elektron davlat xizmatlari ko’rsatish;

davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish;

elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish;

axborot xavfsizligini ta’minlash.

6-modda. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi printsipi

Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq ochiq va shaffof tarzda amalga oshiriladi.

Ariza beruvchilarga elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi to’g’risidagi axborot ommabop va ochiqdir hamda u elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari ariza beruvchi so’rovining ko’rib chiqilishi holati va xizmatlar ko’rsatilishi natijalari to’g’risidagi axborotni tegishli xabarlarni elektron shaklda yuborish yo’li bilan uning talabiga ko’ra taqdim etadi.

7-modda. Elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari barcha ariza beruvchilarning elektron davlat xizmatlaridan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.

8-modda. «Bir darcha» orqali elektron davlat xizmatlari ko’rsatish printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organi bunday xizmat ko’rsatish uchun boshqa davlat organlarida mavjud bo’lgan hujjatlar va ma’lumotlarni olishi talab etiladigan hollarda elektron davlat xizmati ko’rsatish «bir darcha» printsipi bo’yicha amalga oshiriladi, bunda elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organi mazkur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, ariza beruvchining ishtirokisiz idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida oladi.

9-modda. Davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish chog’ida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida foydalaniladigan davlat organlari hujjatlari elektron davlat xizmati ko’rsatish doirasida boshqa davlat organlari tomonidan so’ralayotgan axborotning ushbu hujjatlardan chiqarib tashlanishi hisobga olingan holda o’zaro birxillashtirilishi kerak.

Hujjatlarni birxillashtirish bevosita davlat organlari tomonidan elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan birgalikda amalga oshiriladi.

10-modda. Elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish chog’ida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalaniladi.

Axborotni elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalarida, shuningdek elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining axborot tizimlarida va axborot resurslarida saqlash hamda unga ishlov berish elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Elektron hukumatning yagona identifikatorlari ro’yxati, uni shakllantirish, yuritish va undan foydalanish tartibi, shuningdek ariza beruvchining o’zi taqdim etgan identifikatorga muvofiqligini aniqlash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

11-modda. Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish, shuningdek elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining o’zaro hamkorlik qilish tartibi takomillashtirib borilishi, shu jumladan quyidagi yo’llar bilan takomillashtirib borilishi shart:

davlat organlarining ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarini bartaraf etish va (yoki) birlashtirish hamda kelishib olinadigan vazifalari sonini kamaytirish;

ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish;

idoralararo elektron hamkorlik qilishni maqbullashtirish;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish muddatlarini qisqartirish.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishi shart.

12-modda. Axborot xavfsizligini ta’minlash printsipi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari ko’rsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligini ta’minlashi shart.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari shaxsga doir ma’lumotlar, shuningdek davlat sirlarini yoki qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar muhofaza qilinishini va ulardan ruxsatsiz foydalanishning oldi olinishini ta’minlash yuzasidan zarur tashkiliy-texnik choralar ko’radi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining axborot tizimlarida va axborot resurslarida saqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlardan ular qaysi ariza beruvchiga taalluqli bo’lsa, o’sha ariza beruvchining roziligi bilan ularga ishlov berish, ularni uzatish va olish uchun foydalaniladi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.

2-bob. Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solish

13-modda. Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar

Elektron hukumat sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ va boshqa davlat organlari amalga oshiradi.

14-modda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;

elektron hukumatning shakllantirilishini va ishlashini uning asosiy printsiplariga muvofiq ta’minlaydi;

Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrini yuritish tartibini belgilaydi;

idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishlash tartibini belgilaydi;

elektron davlat xizmatlarini ko’rsatishda elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi bir nechta davlat organi ishtirok etadigan bo’lsa, o’sha elektron davlat xizmatlarining reglamentlarini tasdiqlaydi;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini baholash uslubiyotini, shuningdek elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligining maqsadli ko’rsatkichlarini tasdiqlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

15-modda. Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organning vakolatlari

O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organdir.

Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ o’z vakolatlari doirasida:

elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

elektron hukumatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarini belgilash va elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;

elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi;

davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

elektron hukumat sohasidagi monitoringni amalga oshiradi, elektron davlat xizmatlari ko’rsatish, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish to’g’risidagi hisobot materiallarini shakllantiradi va ularga ishlov beradi;

elektron hukumat infratuzilmasining markaziy ma’lumotlar bazalariga, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga, Ma’lumotlarga ishlov berish markaziga va idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog’iga taalluqli qismining ishlab turishini ta’minlaydi;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatilishi sifatini, shuningdek elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligining maqsadli ko’rsatkichlariga erishilishi darajasini baholaydi;

axborotni to’plash, saqlash, unga ishlov berish, uni uzatish va almashish bo’yicha standartlar hamda texnik talablar asosida elektron hukumatning texnik asosini shakllantirish chora-tadbirlarini ko’radi;

ko’rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari va idoralararo elektron hamkorlik qilish tartib-taomillarini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi;

elektron davlat xizmatlarining reglamentlari kelishib olinishini amalga oshiradi;

Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrini shakllantiradi va yuritadi;

elektron hukumat axborot tizimlarining va axborot resurslarining axborot xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

elektron hukumat sohasida davlat organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qilishda ishtirok etadi;

O’zbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirishga investitsiyalar jalb etilishini ta’minlaydi;

elektron hukumat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

16-modda. Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari

Davlat organlari o’z vakolatlari doirasida:

elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

elektron hukumat sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarining, shuningdek elektron davlat xizmatlarining joriy etilishini, rivojlantirilishini hamda integratsiyalashuvini ta’minlaydi;

o’zlarining faoliyat sohasiga muvofiq elektron davlat xizmatlarining reglamentlarini ishlab chiqadi va elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda ularni tasdiqlaydi;

o’zi ko’rsatadigan elektron davlat xizmatlari Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrida ro’yxatdan o’tkazilishini ta’minlaydi;

ariza beruvchilarning tanloviga ko’ra elektron davlat xizmatlarini olish imkoniyatini ta’minlaydi;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarga zarur shart-sharoitlar yaratadi;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni o’z ichiga olgan axborot tizimlari va axborot resurslarining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi;

axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligini ta’minlash choralarini ko’radi;

elektron hukumat sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini ko’radi;

elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlariga va boshqa dasturlarga uzviy bog’liq holda axborot tizimlarini, axborot resurslari va tarmoqlarini rivojlantirishning idoraviy rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqadi;

o’z rasmiy veb-saytlarining doimiy ishlashini, shuningdek ularda elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi to’g’risidagi axborot e’lon qilinishini ta’minlaydi;

o’z tarkibiy bo’linmalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini ta’minlaydi;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatilishining borishi to’g’risidagi axborotning ariza beruvchilar tomonidan o’zaro hamkorlikning turli shakllari orqali olinishi imkoniyatini ta’minlaydi;

elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

17-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida elektron hukumatni rivojlantirish

Qoraqalpog’iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida hududiy rivojlantirish dasturlari elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar bilan o’zaro bog’liq bo’lishi kerak.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari elektron davlat xizmatlarini joriy etish, idoralararo elektron hamkorlikni tashkil qilish loyihalarini elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda amalga oshiradi.

3-bob. Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish

18-modda. Elektron davlat xizmatlarining turlari

Elektron davlat xizmatlari axborot va interaktiv davlat xizmatlari tarzida bo’lishi mumkin.

Axborot davlat xizmati ariza beruvchilarning axborotga bo’lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan, davlat organining faoliyati to’g’risidagi axborotni e’lon qilish va boshqacha tarzda tarqatish yo’li bilan ko’rsatiladigan elektron davlat xizmatidir.

Interaktiv davlat xizmati ariza beruvchiga ariza beruvchi va elektron davlat xizmati ko’rsatuvchi davlat organi o’rtasida ikki tomonlama elektron hamkorlik yo’li bilan ko’rsatiladigan elektron davlat xizmatidir.

19-modda. Elektron davlat xizmatlarining yagona reestri

Elektron davlat xizmatlari Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrida ro’yxatdan o’tkazilishi kerak.

Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrida elektron davlat xizmati ko’rsatish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va ma’lumotlarning ro’yxati hamda hajmi, shuningdek ularning taqdim etilishi uchun mas’ul bo’lgan davlat organlari to’g’risidagi axborot ko’rsatilishi kerak.

Elektron davlat xizmatlarining yagona reestrini yuritish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

20-modda. Elektron davlat xizmatlariga doir talablar

Axborot davlat xizmatlari to’liq va ishonchli axborotni o’z ichiga olishi kerak.

Interaktiv davlat xizmatlari:

qonun hujjatlari asosida va axborotni to’plash, saqlash, unga ishlov berish, uni uzatish hamda almashish bo’yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida tashkil etilishi;

elektron davlat xizmatlarining tasdiqlangan reglamenti asosida ko’rsatilishi;

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni nazarda tutuvchi xizmatlardan ariza beruvchilarning xavfsiz foydalanishini ta’minlashi;

so’rov yuborish va elektron davlat xizmatining natijasini olish imkoniyatini ta’minlashi;

to’liq, ishonchli bo’lgan va ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilingan axborotni o’z ichiga olishi kerak.

21-modda. Elektron davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi so’rovga doir talablar

Elektron davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi so’rovning tarkibiga, hajmiga, identifikatsiyasiga, uni rasmiylashtirish va yuborish tartibiga doir talablar elektron davlat xizmatining reglamenti bilan tasdiqlanadi.

Ariza beruvchining identifikatsiyalanishini talab etuvchi elektron davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi so’rov, qoida tariqasida, elektron hujjat tarzida bo’lishi kerak.

Elektron davlat xizmati ko’rsatish to’g’risida elektron hujjat tarzida yuborilgan so’rov qog’oz shaklida yuborilgan so’rovga tenglashtiriladi.

22-modda. So’ralayotgan elektron davlat xizmati bo’yicha beriladigan javobga doir talablar

So’ralayotgan elektron davlat xizmati bo’yicha beriladigan javobning tarkibiga, hajmiga, identifikatsiyasiga, uni rasmiylashtirish va yuborish tartibiga doir talablar elektron davlat xizmatining reglamenti bilan tasdiqlanadi.

So’ralayotgan elektron davlat xizmati bo’yicha ariza beruvchiga yuboriladigan javob, qoida tariqasida, elektron hujjat tarzida bo’lishi va elektron davlat xizmatining reglamentida belgilangan muddatlarda yuborilishi kerak.

So’ralayotgan elektron davlat xizmati bo’yicha elektron hujjat tarzida yuborilgan javob qog’oz shaklida yuborilgan javobga tenglashtiriladi.

23-modda. Ariza beruvchining elektron davlat xizmatlarini olish chog’idagi huquqlari

Ariza beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

elektron davlat xizmatlarini o’z vaqtida va elektron davlat xizmatlarining tasdiqlangan reglamentlariga muvofiq olish;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi to’g’risida to’liq va ishonchli axborot olish;

elektron davlat xizmati ko’rsatilishining borishi to’g’risida o’zaro hamkorlikning turli shakllari (rasmiy veb-sayt, telefon, elektron pochta, tezkor aloqa va boshqalar) orqali axborot olish;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo’ysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish;

elektron davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini baholashda ishtirok etish;

elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish.

Ariza beruvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

24-modda. Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini baholashni amalga oshirish tartibi

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini baholash O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan uslubiyot, shuningdek jamoatchilik fikrini o’rganish asosida elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini baholash natijalari muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi kerak.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari baholash natijalarini hisobga olgan holda ushbu xizmatlarning ko’rsatilish sifatini oshirish bo’yicha choralar ko’rishi shart.

4-bob. Elektron hukumatning ishlashini tashkil etish

25-modda. Elektron hukumat infratuzilmasi

Elektron hukumat infratuzilmasi:

markaziy ma’lumotlar bazalaridan;

idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimidan;

davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari hamda ularning majmualaridan;

davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan;

Ma’lumotlarga ishlov berish markazi va idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog’idan iboratdir.

26-modda. Elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalari

Elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalari yagona markazlashtirilgan axborot manbalarini taqdim etuvchi davlat axborot resurslari bo’lib, ularda davlat xizmatlari ko’rsatish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun davlat organlarining asosiy ma’lumotlari umumlashtiriladi va saqlanadi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish chog’ida, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish jarayonida elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalaridagi axborotdan foydalaniladi. Elektron davlat xizmatlari ko’rsatish uchun, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish uchun zarur bo’lgan boshqa axborot davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslarida saqlanishi mumkin.

Elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni saqlash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

27-modda. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi, davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari hamda ularning majmualari

Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi elektron davlat xizmatlari ko’rsatish chog’ida davlat organlarining funktsiyalari va vazifalarini amalga oshirish maqsadida ularning o’zaro hamkorligini ta’minlaydi.

Davlat organlari tomonidan axborot tizimlarini va axborot resurslarini yaratish chog’ida idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlash uchun elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalari bilan ularning integratsiyalashuvi imkoniyati nazarda tutilgan bo’lishi kerak.

Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi axborotni to’plashga, saqlashga, unga ishlov berishga, uni uzatishga va almashishga doir talablar asosida ishlaydi.

Davlat organlarida foydalaniladigan hujjatlar elektron hujjat aylanishi to’g’risidagi qonun hujjatlarigamuvofiq, asosan elektron hujjatlar tarzida yaratilishi, jo’natilishi va saqlanishi kerak.

Idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida uzatiladigan hujjatlarning va axborotning ro’yxati elektron davlat xizmatlarining reglamentlari bilan belgilanadi.

Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishlash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari ushbu organlarning vakolatlari doirasida axborotni to’plashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek undan foydalanishni ta’minlaydi.

Davlat organlarining elektron hukumatdagi axborot tizimlari va axborot resurslari axborotni to’plashni, saqlashni, izlashni, unga ishlov berishni, shuningdek ushbu organlarning o’zaro elektron hamkorligi jarayonlari avtomatlashtirilishini ta’minlaydigan majmualarga birlashtirilishi mumkin.

28-modda. Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Elektron davlat xizmatlari ariza beruvchilarga davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali hamda davlat organlari tomonidan ko’rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasi bo’lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko’rsatiladi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi to’g’risidagi axborotni o’z rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.

29-modda. Elektron hukumatning ma’lumotlarga ishlov berish markazi va idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog’i

Elektron hukumatning ma’lumotlarga ishlov berish markazi elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining idoraviy va idoralararo axborot tizimlari hamda axborot resurslarining, elektron hukumat markaziy ma’lumotlar bazalarining saqlanishini va integratsiyalashuvini ta’minlaydi.

Elektron davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari idoraviy va idoralararo axborot tizimlarining hamda axborot resurslarining, elektron hukumat markaziy ma’lumotlar bazalarining o’zaro hamkorligi elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog’i orqali amalga oshiriladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

30-modda. Elektron hukumatni shakllantirishga va rivojlantirishga doir faoliyatni moliyalashtirish

Elektron hukumatni shakllantirishga va rivojlantirishga doir faoliyatni moliyalashtirish O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

31-modda. Nizolarni hal etish

Elektron hukumat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

32-modda. Elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Elektron hukumat to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.

33-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlarining ushbu Qonunga zid bo’lgan o’z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko’rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

34-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o’tgach kuchga kiradi.

O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015 yil 9 dekabr,

O’RQ-395-son